“Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida” 2020 yil 4 noyabrdagi PQ-4879-son qaroriga muvofiq Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 21 dekabrdagi 330-sonli buyrug‘iga asosan tashkil topgan. Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan “Soliqlar va soliqqa tortish” mutaxassisligi talabalari uchun “Soliq nazariyasi va tarixi”, “Soliq maʼmurchiligi”, “Yuridik va jismoniy shaxslarni soliqqa tortish”, “Soliqqa tortishda prognozlash va rejalashtirish”, “Soliq nazoratini tashkil etish va soliq qarzini undirish” va “Xorijiy mamlakatlar soliq tizimi” fanlaridan dars mashg‘ulotlari olib boriladi.
Kafedra tomonidan o‘qitiladigan barcha fanlar bo‘yicha o‘quv va ishchi o‘quv dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular xorijiy universitetlarda soliq siyosati, soliq maʼmurchiligi, soliqqa tortish tizimi va soliq munosabatlariga doir bakalavriat yo‘nalishida o‘qitiladigan turli fanlarning o‘quv dasturlariga uyg‘unlashtirilgan. Shu bilan birga, kafedra fanlari o‘quv dasturlari bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy, shu jumladan soliq islohotlari mohiyati va yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.
Ishlab chiqilgan o‘quv va ishchi o‘quv dasturlari asosida fanlarning mazmunini talabalarga kengroq ochib berish maqsadida Institutda ishlab chiqilgan yagona talab doirasida kafedra fanlarining barcha komponentlarini o‘zida jamlagan O‘quv-uslubiy majmualari yaratib borilmoqda.