SO‘ZMA-SO‘Z VA NOJOIZ O‘GIRILGAN O‘ZLASHTIRMA ATAMALAR
TILNI ICHDAN BUZISHGA XIZMAT QILADI
Til moʻtabar va doimiy taraqqiyotdagi hodisa.Unga nisbatan avaylab va ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘linmasa, uning sofligi va nazokatiga, jozibadorligiga putur yetishi tayin. Bu borada sovuqqonlik va eʼtiborsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.Ayniqsa, o‘zga tillardan tarjima orqali qabul qilinayotgan o‘zlashtirma atamalar masalasida keyingi yillarda qo‘pol buzilishlar va xatoliklar ko‘zga tashlanmoqdaki, bular yosh avlod tomonidan aksioma sifatida qabul qilinmoqda. Respublikadagi barcha taʼlim muassasalarida, idora va tashkilotlarda deyarli bir xil xatolikka duch kelish mumkin. Har bir muassasa va idoraning majlislar, anjumanlar zali mavjud. Shu zal rus tilida “Aktoviy zal” deb nomlanadi. Bu yerda asosiy urg‘u “akt” tushunchasiga qaratilgan va buning “aktiv”tushunchasi bilan mutlaqo aloqasi yo‘q. Aktdan ko‘zlangan maqsad rasmiy hujjat, tantanali majlis maʼnolarini anglatadi va shunday hujjatlar qabul qilinadigan, majlislar o‘tkaziladigan zal “Aktoviy zal” deb ataladi. Ammo kimningdir qo‘pol xatosi, “akt” va “aktiv” tushunchalarini farqlay olmasligi tufayli mazkur atama o‘zbek tiliga “Faollar zali” deb tarjima qilingan va ommaviy ravishda qo‘llanib kelmoqda. Yana bir muddat eʼtiborsiz bo‘linsa, bu atamaning kelib chiqish manbai unutiladi va insonlarda bu zal faqat faollar uchun mo‘ljallangan degan g‘ayri tushuncha qaror topishiga olib keladi. Shunday ekan, bunaqa xatolarga eʼtiborsiz bo‘lish yaramaydi. Bunday zallarni “Anjumanlar zali” yoki “Majlislar zali” deb atalsa mazmun va mohiyat o‘z o‘rniga tushib, tilning bag‘ridagi bitta “chaqirtikanak” sug‘urib tashlangan bo‘ladi va bu millat istiqboli yo‘lidagi xayrli qadamlardan biriga aylanadi. Masalani birgina atama misolida muxtasar tahlil qilishga harakat qildik, afsuski, bunaqa buzuq atamalar va nojoiz o‘zlashtirma so‘zlar tilimizda lak-lak. Bulardan agar bugun qutulmasak, ertaga judayam kech bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, millat taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir ziyoli, davlat xizmatchisi uchun tilning sofligi yo‘lida kamarbasta bo‘lish dasturilamal darajasiga ko‘tarilmog‘i lozim. Zero, hazrat Navoiy taʼbiri bilan aytadigan bo‘lsak, “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”. Buni hamisha yodda tutmoq lozim va lobut!
Yaxshiyev Anvar Jo‘raqulovich,
Fiskal institut bosh mutaxassisi, t.f.n., dotsent
Ushbu konferensiya to‘plamida mamlakatimizda fiskal siyosatni amalga oshirishda xalqaro tajriba va u...
Fiskal institutda 2024-yil 15-16-mart kunlari “Fiskal barqarorlikni taʼminlashda zamonaviy tend...
Kirish: Sun’iy intellekt (AI) hayotimizning turli jabhalarida, oddiy vazifalarni avtomatlashtiri...