Fayzulla Tolipov
Fiskal institut Gumanitar fanlar va chet tillari
kafedrasi professori v.b. tar.f.d
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, 16 diniy konfessiya vakillari yagona oila farzandlaridek yashab, mehnat qilib kelmoqdalar. Shu boisdan ular mamlakatimizning barcha fuqarolari qatori bir xil huquq va majburiyatlarga ega. Ular uchun Oʻzbekiston qonunlarida belgilab qoʻyilgan huquq va erkinliklari, manfaatlari toʻliq taʼminlangan. Zero, jamiyatni maʼnaviy yangilashdan koʻzlangan bosh maqsad –ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik masalaridan iborat.
Respublika milliy tarkibining oʻziga xosligi uning farqlanuvchi xususiyatidir. Mamlakatimiz aholisi etnik tarkibida tub aholi ustun mavqeini egallaydi. Respublikada yashab turgan aholinig salkam 80 % ni oʻzbeklar tashkil etadi. Koʻpmillatli mamlakat siyosatining asosiy maqsadi millatlararo va diniy bagʻrikenglikni shakllantirishdir. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq mamlakatimizda milliy siyosatning oʻziga xos yoʻli ishlab chiqildi, ayni shu siyosat barqaror va toʻkin-sochin hayotimizning poydevori boʻldi. Konstitutsiyamizda va barcha qonunlarimizda mazkur siyosat oʻz aksini topgan. Yurtimizda shakllangan bunday bagʻrikenglik madaniyatidan keng dunyo jamoatchiligi oʻrnak olishga intilayotgani ham bejiz emas.
Oʻzbekiston Respublikasi milliy siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardir. Millatlar va etnik guruhlar oʻzaro munosabatlaridagi uygʻunlik ijtimoiy-siyosiy barqarorlik omili sifatida rivojlanishi, ijtimoiy- siyosiy jarayonlarda milliy, etnik guruh manfaatlarining aks etishi, milliy oʻzlikni anglash jamiyatni demokratlashtirishga undovchi kuch ekanligi, mamlakatda millatchilikni siyosiy tusga aylanishining oldini olish kabilar. Uning muhim ustuvor yoʻnalishi sifatida shuningdek, milliy totuvlik va fuqarolik jamiyatini rivojlanitirish, davlat siyosatida har bir shaxs huquqlarining ustuvorligini taʼminlash, siyosiy hokimiyat va jarayonlarda millatlar, etnik guruhlar ishtiroki hamda manfaatlar uygunligini taʼminlash, millatlar va etnik guruhlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, ishonch, totuvlikni qaror toptirish, demokratik, kuchli fuqarolik jamiyat qurish va siyosiy barqarorlik omilini saqlash, Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston fuqarolari tashkil etishi kabilardir.
«Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi” ning “Jamiyatda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish”, deb nomlangan yuzinchi maqsadida respublikada “Doʻstlik jamiyatlari” sonini 60 taga yetkazish hamda birodarlashgan shaharlar sonini 2 baravarga oshirish, mamlkatda millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy-ommabop maqolalar sonini 3 baravarga oshirish, Taʼlim xorijiy tillarda olib borilayotgan maktablardagi badiiy adabiyotlar fondini 2 baravarga oshirish, “Yosh kitobxon” tanlovini qoʻshimcha ravishda 6 ta tilda (qoraqalpoq, tojik, qozoq, rus, qirgʻiz va turkman) oʻtkazish belgilanganligi Yangi Oʻzbekistonda millatlararo munosabatlar strategik taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqayotganligini tasdiqlaydi.
Strategiyaning 41-maqsadida oʻzbek milliy sanʼatini targʻib qilish orqali mamlakatimizning turistik salohiyatini oshirish, maqom, baxshichilik, raqs va teatr yoʻnalishlarida kamida 10 ta xalqaro festival va anjumanlar oʻtkazish, sohada taʼlim berishga kamida 20 nafar yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish belgilangan. Uning Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, deb nomlangan 91-ustuvor yoʻnalishida Markaziy Osiyoda xalqaro huquq va mintaqadagi barcha davlatlar milliy manfaatlarini inobatga olgan holda keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish maqsadlari ham belgilab berilgan. Bu esa shubhasiz, mamlakatimizda son jihatdan koʻpchilikni tashkil etuvchi tojik, qozoq, qirgʻiz, turkman xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy azaliy hamjihatlikka asoslangan ichki siyosat olib borish vazifasini qoʻymoqda.
Hozirga kelib mamlakatimizda yuzdan ziyod dan ortiq milliy madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda. Respublika baynalminal madaniyat markazi esa ushbu milliy madaniyat markazlar faoliyatini muvofiqlashtirib, ularga tashkiliy va uslubiy yordam koʻrsatib kelmoqda. Strategiyaning 41-maqsadida mamlakatmizdagi turli millatlar oʻrtasida doʻstlik, qardoshlik hamda hamjihatlikni taʼminlash uchun “Doʻstlik jamiyatlari” sonini 60 taga yetkazish koʻrsatib oʻtilgan. Bunday jamiyatlarni muvofiqlashtirib turuvchi Respublika baynalminal madaniyat markazi muhim rol oʻynaydi. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, bugungi kunda Respublika baynalminal madaniyat markazi diyorimizda yashayotgan turli millat vakillarining maʼnaviy-maʼrifiy muloqot maskaniga, oʻziga xos doʻstlik uyiga aylangan. Bu yerda muntazam ravishda xalq bayramlari, festivallar, barcha millat ardogʻidagi ijodkorlar bilan uchrashuvlar, seminarlar va konferensiyalar oʻtkazib kelinadi.
Oʻtgan yillar mobaynida Respublika baynalminal madaniyat markazi tomonidan “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” albom kitobi, “Oʻzbekiston – bagʻri keng diyor”, “Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – buyuk kelajagimiz kafolati”, “Mustaqil Oʻzbekistonda millatlararo munosabatlar rivoji” kabi toʻplamlar chop etildi.
Respublika baynalminal madaniyat markazi faoliyatini yurtimizdagi barcha millat vakillari katta quvonch bilan kutib olishmoqda. Shu munosabat bilan “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida keng qamrovli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Eʼtirof etish mumkinki, oʻtgan yillar mobaynida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy anjuman va turli millatga mansub rassomlarning asarlari koʻrgazmasi yurtimizdagi millatlararo totuvlik, bagʻrikenglikning yorqin namoyishiga aylandi.
Bugungi kunda respublikamizdagi oliy oʻquv yurtlarida turli millatga mansub talabalar tahsil oladi. Dunyoning kamdan kam mamlakatlarida kuzatiladigan yana bir holat shuki, Oʻzbekistonda taʼlim 7 ta tilda olib boriladi, 8 ta tilda gazeta va jurnallar chop etiladi, 10 dan ortiq tillarda radioeshittirishlar va telekoʻrsatuvlar efirga uzatiladi. Bular sirasiga oʻzbek va qoraqalpoq tillaridan tashqari rus, qozoq, turkman, tojik va qirgʻiz tillaridir.
Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor. Bu iborani hamisha iftixor bilan tilga olamiz. Bunga toʻla asosimiz bor. Tarixdan maʼlumki, xalqimiz boshidan kechirgan ogʻir qatagʻon yillari va ikkinchi jahon urushi yillari koʻp sitamlarga yuzma-yuz boʻlgan koreyslar, nemislar, turklar, polyaklar, greklar, qrim-tatar va boshqa millat vakillari Oʻzbekistonni Vatan tutdilar. Ularning hozirgi avlodlari uchun esa Oʻzbekiston ona Vatanga aylandi. Chunki ular shu yerda tugʻilib, kamolga yetdi, hayotda oʻz oʻrnini topdi.
Bugun yurtimizda barcha millat va elat vakillari tinch-totuv, farovon hayot kechirishmoqda, kelajagi buyuk Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyoti, ertangi istiqboliga munosib hissa qoʻshmoqdalar. Ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, taʼlim olishlari, oʻz qiziqish va layoqatlari boʻyicha kasb-hunar egallashlari, madaniyatlari, urf-odatlari, anʼanalarini saqlash hamda rivojlantirishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Hozirda milliy madaniy markazlar oʻz xalqlarining anʼanalari, marosimlarini tiklash, ularni Oʻzbekistonda yashovchi boshqa millat vakillariga yaqindan tanishtirish, qolaversa, oʻzbek xalqining madaniyati, sanʼati, tili, urf-odatlarini targʻib etishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Bu saʼy-harakatlar tabiiyki jonajon mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, koʻp millatli jonajon Oʻzbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etishi, 4-moddasida esa Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi, deya taʼkidlangan. Bu esa yurtimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari uchun barcha kerakli shart-sharoitlar yaratib berilgani, milliy tili, oʻziga xosligi, anʼanalari va urf odatlarini saqlab qolish va rivojlantirish masalalarining huquqiy jihatdan toʻliq taʼminlanganligi ushbu konstitutsiyaviy kafolat samarasidir.
Strategiyada belgilab berilgan azaldan xalqimizga ziynat boʻlib kelgan oliyjanoblik, mehnatsevarlik, insonparvarlik, mehmondoʻstlik, oʻzaro ahillik va hamjihatlik, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik kabi goʻzal maʼnaviy fazilatlar ona Vatanga, elu yurtga nisbatan muhabbat va sadoqat tuygʻulari bugungi kunga kelib elimizning jahon xalqlari oʻrtasidagi qadr-qimmatini va obroʻ-eʼtiborini yanada oshirib, dunyo ahlining Yangi Oʻzbekistonga, bunyodkor xalqimizga va ana shunday buyuk xalqning farzandi boʻlmish muhtaram Prezidentimizga boʻlgan ishonch va ehtiromi tobora ortib borishiga asos boʻlmoqda.
Zero, Yangi Oʻzbekiston milliy siyosatining oʻziga xosligi ham aynan mana shundadir. Oʻzbekiston xalqining inson huquqlariga va davlat suvereniteti gʻoyalariga sodiqligini, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini nomoyon qilib, insonparvar demokratik, huquqiy davlat barpo etishni koʻzlab, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlashga intilib, xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda, fuqarolar tinchligi va millatlararo totuvlikni taʼminlash maqsadida qabul qilingan Asosiy Qonunimiz boʻlmish Konstitutsiyamiz ham ana shu bebaho qadriyatlarimizga asoslangandir. Hatto koʻp millatli respublikamizda istiqomat qilayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimiz hayoti, ularning turmush tarzi, xulq–atvori va dunyoqarashida ham ana shu qadriyatlarimiz va xalqimizga xos boʻlgan yuksak maʼnaviy fazilatlarning ijobiy taʼsiri oʻzining yorqin ifodasini topganki, bu omil Vatanimizning tinchligini, turmushimizning farovonligini va taraqqiyot yoʻlimizning sobitligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston-2030 strategiyasida aks etgan va Konstitutsiyamizda kafolatlangan teng huquq va keng imkoniyatlar esa ularning kuchiga kuch, quvvatiga quvvat qoʻshib, yangidan yangi zafarlar sari ilhomlantirmoqda. Bir vaqtlar oʻzimizning oʻzbeklar ham oʻz tilida soʻzlashishga uyalgan, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishini orzu qilib, bu haqda oʻz kitoblarida oshkora fikr yuritgan olimlar esa millatchi sifatida qoralanib, qattiq tazyiq ostida hayot kechirishga majbur qilingan boʻlsalar, endilikda Yangi Oʻzbekistonda davlat tilimizning mavqei va millatlararo munosabatlar faqat qogʻozdagina emas, balki amalda ham yuksaklarga koʻtarilmoqda.
Ushbu konferensiya to‘plamida mamlakatimizda fiskal siyosatni amalga oshirishda xalqaro tajriba va u...
Fiskal institutda 2024-yil 15-16-mart kunlari “Fiskal barqarorlikni taʼminlashda zamonaviy tend...
Kirish: Sun’iy intellekt (AI) hayotimizning turli jabhalarida, oddiy vazifalarni avtomatlashtiri...