DAXLDOR BOʻLAYLIK (OFLAYN VA ONLAYN)!
Dunyoda nafaqat farzandini balki barcha yoshlarni tarbiyasiz boʻlib shakllanishiga qarab turadigan biror millat boʻlmasa kerak. Xususan, bizning millatda ham ota-bobolarimiz nafaqat oʻz farzand-u nabiralari, balki mahalladagilarning tarbiyasiga ham befarq boʻlmagan. Ammo, bugungi globallashuv, hayotni internetsiz, ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydigan davrda yashar ekanmiz, yosh avlod tarbiyasi masalasi bir muncha murakkablashgan. Yaʼni, ijtimoiy tarmoqlarda ham yomon illatdan qaytarib turuvchi, tarbiyali yoshlar yoki hayotni koʻrgan yoshi kattalarning kamligi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Shu bois, bugungi jamiyatda “mening yoshim katta”, “men ijtimoiy tarmoqda faol emasman”, “ijtimoiy tarmoq yoshlarniki” deyilishi, fikrimizcha, notoʻgʻri. Chunki, befarqlik, daxldor boʻlmaslik, farzandlar, nabiralarning tarbiyasiga, odob-axloqiga salbiy taʼsir koʻrsatishi tabiiy. Shu bois, ijtimoiy tarmoqlardan keladigan salbiy hujumlardan ham yoshlarimizni himoya qilish maqsadga muvofiq.
Kuzatuvlarimiz shuni koʻrsatmoqdaki, jamiyatda boʻlayotgan voqea-hodisalarga befarq boʻlmay va asosli fikr bildiradigan insonlar jamiyatimizda koʻpayib borib, ular oʻz taʼsirlarini, ijtimoiy tarmoqlarda ham namoyon qilmoqdalar. Bunday kishilar ayrim hollarda hissiyotga berilib xulosa qilayogan boʻlsalarda, umumiy fikrlari jamiyatdagi kamchilikni, paydo boʻlishi mumkin boʻlgan illatni oldini olishga qaratilganligi bilan foydali hisoblanadi.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqda arzimagan sabab tufayli bir-birini qoʻpol soʻzlar bilan haqorat qilish, turli maʼnosiz, odob-axloqqa mos kelmaydigan videolar joylanishi, maʼnaviyatimizga xos boʻlmagan harakatlarga qarshi ziyoli, maʼrifatli kishilarimiz, aql-u zakovatli yoshlarimiz tomonidan munosabatlar, asosli sharhlar berilishi, odob-axloqqa rioya etishga chaqirilishi kabilarni bunga misol keltirishimiz mumkin.
Toʻgʻri, jamiyatda yashayotgan har bir inson, oʻz huquqlarini himoya qilishi, undan foydalanishi mumkin. Biroq, huquq, erkinlik deganini – odob-axloq, mentalitetga, urf-odatlarga xos boʻlmagan harakatlar bilan chalkashtirmaslik lozim. Misol uchun, bir guruh yoshlar oʻzlari xohlaganday kiyinishi, oʻzi xohlagan “jargon”da gaplashishi ularning huquqlari ekanliklarini, hech kim uni cheklamasligini talab qilishlari mumkin. Biroq, bu ishlarni qayerda va qanday tartibda qilishlari ham maʼlum odob-axloq qoidalari, qadriyatlar, urf-odatlar bilan chegaralanganligini esdan chiqarmasliklari lozim.
Aslini olganda, bugungi liberal jamiyatning aʼzosi sifatida oʻsha yoshlarning haq-huquqi ekanligiga koʻnikishimiz kerak. Ammo, masalaning ikkinchi tomoni, kimlarningdir oʻz huquqidan chegarasiz foydalanishi yosh avlodning tarbiyasiga taʼsir qilib, ulardan oʻrnak olishi, oʻsha ishni qilib koʻrishi, andoza olishi – oxir-oqibat bu holatga atrofdagi jamiyat aʼzolarida ham koʻnikma hosil boʻlib, aslida illat boʻlgan harakat oddiy holga aylanishi, befarqlikning kelib chiqishi hamda bunday berfarqlikdan kimlardir foydalanib qolishi kabi oqibatlar keltirib chiqishi mumkin.
Shu bois, jamiyatimizda azaldan odob-axloq birlamchi boʻlganligi uchun ham bunday harakatlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiq emas. Qachonki, mana shunday yoshlarning tarbiyasiga salbiy taʼsir qiluvchi holatlar odatiy holga aylanar ekan, ularni turli boshqa gʻoyalarga kirib ketishi, radikallashishi osonlashadi, undan qaytarish esa murakkablashadi.
Dunyodagi biror mamlakat yoʻqki, oʻzining u yoki bu koʻrinishda qatʼiy yoki mentalitet bilan bogʻliq qoidalari boʻlmagan. Eng liberal hayot kechiradigan mamlakatlarda ham millat kelajagini saqlash uchun u yoki bu, yozilgan va yozilmagan, maʼlum chegarani belgilovchi odob-axloqqa, tarbiyaga oid qoidalar amal qiladi. Aks holda, maʼnaviyat, qadriyat, odob-axloq chetga surilishi oqibatida, millat va jamiyat tanazzulga yuz tutadi.
Jumladan, AQSH, Yevropa yoki Skandinaviya mamlakatlarini olaylik. Ushbu mamlakatlarni qanchalik liberal, erkin davlat deb hisoblamaylik, baribir millat kelajagi, uning xavfsizligi uchun maʼlum bir qatʼiy qoidalar amal qiladi. Shu bilan birga oʻsha qoidalarni buzganlarga sezilarli, muqarrar jazo belgilab qoʻyilgan. Bekorga bizni ota-bobolarimiz “Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-u tarozu” deb aytishmagan.
Bundan koʻrinadiki, bizning jamiyatda ham yoshlarni turli yot gʻoyalardan himoya qilish uchun yillar davomida shakllangan axloqiy, maʼnaviy qadriyatlarimizdan foydalanishimiz, ularni qatʼiy qoida tutib amal qilishimiz kerak. Buning uchun esa, bizning maʼnaviyatimizga yot gʻoyalar asosida qilinadigan har qanday xatti-harakatga befarq boʻlmasligimiz, umuman olganda “oflayn” ham “onlayn” ham faol boʻlishimiz lozim.
Ayni masalada respublikamizda sezilarli ishlar amalga oshirilgan va oshirilib kelinmoqda. Jumladan, radikalizm, sekulyarizmga qarshi tushuntirishlar, davra suhbatlari, debatlar, ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar asosida yoshlarning maʼnaviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan samarali tadbirlar doimiy tashkil etib borilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, respublikamizda yoshlarning turli yot gʻoyalarga ergashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, ular radikalizmning har qanday koʻrinishini chetlab oʻtishi borasida maʼrifatli va zukko xalqimiz befarq emasligini koʻrib, yana bir bor xotirjam boʻlamiz. Ammo, pana-pastqamda, turli yot gʻoyalarni toʻgʻri deb bilib, yoʻldan adashayotganlar, bilib-bilmay oʻzlariga ergashtirayotganlar ham yoʻq emas. Shu bois, insonlar befarq boʻlmasa, daxldor boʻlishsa, jamiyatda belgilangan qoidalarga rioya qilinsa, radikalizmga yoʻl qolmaydi.
Komil Hotamov,
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor