Institutimizda juda ham koʻplab iqtidorli talabalar tahsil olib kelmoqda. Bugun shunday talabalarimizdan biri Ozodbek bilan boʻlib oʻtgan qiziqarli suhbatni eʼtiboringizga havola etamiz!
- Assalomu alaykum. Ozod, oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bera olasizmi?
- Assalomu alaykum. Men Orifboev Ozod, Fiskal institut Soliqlar va soliqqa tortish yoʻnalishi 2-bosqich talabasiman.
- Fiskal institutni tanlashingizga kim yoki nima sababchi boʻlgan?
- Variantlarni oʻrganar ekanman, yaqinda uydan uncha uzoq bo‘lmagan joyda yangi institut ochilayotganini payqadim va soliq nuqtai nazaridan bu eng yaxshi tanlov deb oʻyladim.
- Darslardan boʻsh vaqtingizda qanday mashgʻulotlar bilan shugʻullanasiz?
- Dars mashgʻulotlaridan keyin bir korxonada buxgalter sifatida faoliyat yuritaman.
- Oʻzingizning 3 ta yutuq va kamchiliklaringizni ayta olasizmi?
- Kuchli tomonlarimdan biri bu koʻplab vazifalar bajarish, xotirjamlik va maqsadga muvofiqlik. Zaif tomonimga kelsak, rostini aytsam, men biroz dangasaman, kamdan-kam hollarda tashabbus koʻrsataman va baʼzida nima qilishim kerakligini unutib qoʻyaman.
- Xalqaro soliqqa tortish olimpiadasida institut jamoasi bilan ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdingiz. Musobaqa haqidagi taassurotlaringizni biz bilan boʻlisha olasizmi?
- Olimpiadadan yorqin taassurotlar oldik, katta tajribaga ega boʻldik. Men musobaqada munosib ishtirok etdik deb oʻylayman. Shunday boʻlsa ham, "gʻalaba qozonishimiz mumkin edi" degan fikr meni hamon tark etmayapti.
- Navroʻz arafasida Institut tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlandingiz. Ushbu mukofot pulini qanday sarflash haqida oʻylab koʻrdingizmi?
- Oilam bilan maslahatalashib, ushbu mablagʻni kelgusi oʻquv yili shartnoma toʻlovi uchun sarflashga qaror qildik.
- Muvaffaqiyatga erishish yoʻli nimada deb oʻylaysiz?
- Men uchun muvaffaqiyatga erishish yoʻli shunchaki qilayotgan ishingizga ishonishdir, zero ishonch boʻlmasa, maqsadingizga erisha olmaysiz.
- Kelajakdagi rejalaringizni biz bilan boʻlisha olasizmi?
- Bu men uchun eng qiyin savol boʻlsa kerak. Sababi, men hech qachon kelajakni rejalashtirmayman. Ammo, ehtimol yaxshi martabani egallash hozirda asosiy maqsadlarimdan biri desam xato boʻlmaydi.
- Ozodbek, intervyu berganingiz va oʻz fikr-mulohazalaringizni institutimiz talabalari bilan baham koʻrganingiz uchun Sizga minnatdorchilik bildiramiz. Umid qilamizki, tengdoshlaringiz ham ilmga chanqoq boʻlib, Siz kabi institutimizga Xalqaro musobaqalarda gʻalabalarni olib kelishadi!
- Intervyuga taklif qilganingiz uchun Sizga minnatdorchilik bildiraman.
Xotin-qizlarni ilm-fan va innovatsiyalar sohasiga jalb qilish, ularning ilm olishga bo‘lga...
Xabaringiz bor, Fiskal institut hamda Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya...
Hozirgi kunda ta'lim sifatini oshirish, yoshlarning o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo...