Har bir xalqning o‘z ona tili o‘sha millatning ruhi, ma’naviy qiyofasi, or-nomusi va orzu-umididir. Inson dunyoga kelibdiki, Vatani, onasi, oilasi qanchalik muqaddas bo‘lsa, ona tili ham shunchalik azizdir. Hattoki, go‘dak ham dunyoni ona tili orqali anglaydi. Usiz jamiyat rivojlanmaydi, taraqqiy topmaydi. Chunki til – millatning bebaho boyligidir.
1989-yilning 21-oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuni e’lon qilindi va o‘zbek tili davlat tili maqomini oldi. Albatta o‘tgan davr mobaynida tilimizni asrab-avaylash, uning obro‘si va nufuzini oshirish borasida talay ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida o‘zbek tiliga munosabat o‘zgardi, uning manbaviy asosi mustahkamlandi va yanada boyitildi. Birinchi navbatda, til Ona Vatan kabi muqaddas ekanini anglab yetdik, har qanday moddiy boylikdan ham ko‘ra til naqadar zarur ekanligini angladik. Chunki insoniyat nimaniki muqaddas deb bilgan bo‘lsa, o‘sha narsalarni asrab-avaylaydi, dog‘ tushirmaslikka harakat qiladi, himoya qiladi. Til ham shu kabi ulug‘ va muqaddasdir. Shu bois, XVI asrda yashagan fransuz shoiri Dyu Belle: “Ona tilini himoya qilish vatanni himoya qilish bilan barobardir” deganligi bejiz emas.
O‘zbek tili ham boshqa tillar qatori anchagina qadimgi tarixga egadir. Uning ilk ildizlari, qadimgi turkiylarning O‘rxun-Enasoy, Bilga xoqon bitigidagi manbalarda uchraydi. Masalan, “Bilga xoqon bitig toshi”da (759-760-yilarda yaratilgan) shunday ma’lumot bor: Bing yiliq tuman kunluk bitigimin, balgumin bunta yasi tashqa yaratdim, tolqu tashqa toqutdim “Ming yillik, tuman kunlik yozuvimni, belgimni yassi toshga o‘yishga buyurdim, og‘ir toshga o‘rnattirdim”. Vaholanki, o‘zbek tilining ilk asosi bo‘lgan turkiy til ilk o‘rta asrlarda qadimgi so‘g‘diy, xorazmiy, boxtariy tillari zamirida shakllana boshladi. U qarluq, qipchoq, o‘g‘uz, yag‘mo kabi xalqlar so‘zlashgan turkiy til zamirida rivojlandi. Ayniqsa, X-XII asrlarda yanada taraqqiy etdi. Bunda Maxmud Qoshg‘ariy, Yusuf Bolasog‘uniy, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Rabg‘uziy kabi allomalar o‘zbek tilining rivojlanishida katta hissa qo‘shdilar. XV-XVI asrlarda Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Alisher Navoiy va boshqa shoirlar ham o‘zlariga xos o‘rin tutdilar. Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida yoki Boburning «Boburnoma» asarida qarluq, o‘g‘uz va qipchoq shevalarining xususiyatlari aralash holda qo‘llanganligini ko‘rish mumkin.
Masalan, Alisher Navoiy o‘zbek tilini “turk nazmi”, deb atagan. Uning sa’y-harakatlari va taklifi bilan Husayn Boyqaro barcha shoirlarni turkiy tilda ijod qilishga chaqirgan. Yoki Abulg‘ozi Bahodirxonning turkiy til ravnaqi uchun jon kuydirib aytgan quyidagi fikri chinakam vatanparvar insonni ko‘z oldimizda gavdalantiradi. U “Shajarai turk” asarining yozilish sababini quyidagicha izohlaydi: “Bu tarixni yaxshi va yomon barchalari bilsun teb, turkiy til birlan aytdum. Turkiyda ham andaq aytubmankim, besh yashar o‘g‘lon tushunur. Bir kalima chig‘atoy turkisindin va forsidin va arabiydin qo‘shmayman, ravshan bo‘lsun deb”. Demak, o‘zbek tili dunyodagi uzoq o‘tmishga ega tillardan biri bo‘lib, uning rivoj topishi va yanada sayqallashida turli tarixiy voqea va hodisalar, tillararo qorishuv, etnomadaniy, etnosiyosiy jarayonlar ta’sir ko‘rsatganligini anglaymiz.
O‘zbek tili XIX asr oxiri - XX asr boshlarida jadid namoyondalari tilida yanada sayqallashdi. Til va yozuv – ma’lum bir hududdagi tilning kelib chiqishi va xalqning etnogenezini dalillash uchun asosiy qurol deb aytamiz. Shu boisdan “O‘zbek tilining har tomonlama taraqqiy topishi va adabiy til sifatida maydonga chiqishida qadimiy turkiy til katta hissa qo‘shganini alohida ta’kidlash lozim.
Albatta o‘zbek tilining shakllaishiga xizmat qilgan tillar anchagina. Masalan, fors-tojik tili, arab tili, mo‘g‘ul tili, rus tili, uyg‘ur tili, turk tili va. h.k. Fors-tojik tilidan kirib kelgan so‘zlar, poyondoz, budparastlik, namakob, poyga, dovcha, darvish, farishta, chilla, choryorlar, jon, navro‘z, payg‘ambar, oftob, hamsoya, objo‘sh, dasturilamal, chaqaloq, xushro‘y va h.k. Arab tilidan kirib kelgan so‘zlar: duo, azon, amal, ishq, iftor, iloh, islom, imon, zakot, mazxab, maqom, madaniyat, sabr, taqdir, kotib, qibla, savob, minora, masjid, mavlono, ma’rifat, makruh, kofir, avliyo kabilar. Mo‘gul tilidan: tuman, ulus, xon, tamg‘a, xoqon va. h.k boʻlsa, turk tilidan: vazir, qo‘mita, jumhuriyat, devon, viloyat, mavzu, reja, tahririyat, hokim, hokimiyat kabilardir. Rus tilidan: samolyot, vertolyot, stakan, konsert, poema, pochta va h.k.larni keltirsak, baynalminal so‘z va atamalar sifatida globalizatsiya, modernizatsiya, internatsional, funksiya, litsey, kollej, institut, universitet, rektor, general, ofitser, televidenie, radio, fizika kabi soʻzlarni ko‘p ishlatamiz.
O‘zbekistonning davlat mustaqilligi e’lon qilingandan so‘ng o‘zbek tiliga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasida o‘zbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi, barcha davlat hujjatlari o‘zbek tilida yuritilib, gazeta va jurnallar o‘zbek tilida chop etila boshlandi. Yangi O‘zbekistonda esa bu boradagi amaliy ishlar yanada takomillashtirilib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 21-oktabrda «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmon o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan imzolandi. 21-oktabr kuni «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e’lon qilindi. Yurtboshimizning O‘zbekiston tarixida ilk bor BMT minbaridan jahon hamjamiyatiga o‘zbekcha, ya’ni davlat tilida murojaat qilgani barchamiz uchun yuksak namuna va munosib o‘rnakdir.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, ushbu Farmon asosida 2020-yil 20-oktabrda “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konseptsiyasi” ishlab chiqildi. Unga ilova tarzida taqdim etilgan Dasturda esa muhim ustuvor vazifalar belgilanganligi e’tiborga molik bo‘lib, ular quyidagilardir:
1. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish;
2. Ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
3. Davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish;
4. Davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash;
5. Davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish vazifalari yuklatilgan.
Ammo bugun hayotimizga globallashuv jarayonlari tobora kirib kelmoqda. Vaholanki, globallashuv jarayonining eng katta xavfi u eng avvalo tilga ta’sir qiladi. Bunday vaziyatda o‘z ona tili taqdiriga befarq bo‘lgan, uni asray olmagan xalq millat sifatida o‘zligini yo‘qotishi hech gap emas. Chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor ortib borayotgani sayin ona tilimizni asrash masalasiga negadir sust yondasha boshladik. Hatto ayrim yosh oilalarda ota-onalar farzandlari bilan turli chet tillarida muloqot qilayotganlariga guvoh bo‘lyapmiz. Ayniqsa boshqa tillardan o‘zbek tiliga kirib kelayotgan so‘zlarning sanog‘i yo‘q. Shunday sharoitda o‘zbek tilida aytishga qulay bo‘lgan so‘zlar o‘rniga chetdan kirganini qo‘llashga odatlanib borayotganimizni nima deb izohlash mumkin? Misol uchun, “razvorot” - “qayrilmoq”, “ostonovka” - “bekat”, “dostavka” - “yetkazish” kabi so‘zlarning qay birini ishlatish muhimroq. Albatta, bu so‘zlarning o‘zbekchasi chiroyliroq eshitiladi. Yoki, “moyka”, “medbrat”, “medsestra”, “prosto”. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Hatto ayrim odamlarimiz o‘z ona tilimizdagi so‘zlarni tushunishga qiynalishadi. Sovutkich - konditsioner, muzlatkich - xolodilnik, yaxlatgich - morozilnik, o‘rindiq - sideniye, go‘shak - trubka, soobsheniye - xat-xabar, maktub va hokazo. Ba’zan, yuqoridagi so‘zlarning o‘zbekchasini aytsangiz, ayrimlar ustingizdan kulishlari ham mumkin. Axir, bu ahvolda qanday qilib o‘zbek tilini ardoqlash haqida gapirish mumkin?
Umuman, tilimiz nufuzi va obro‘sini ko‘tarish uchun barchamiz qayg‘urishimiz va kurashishimiz zarur. Bu borada qilinajak ishlar hali ko‘p. Eng asosiysi uning asl holatini saqlab qolish hamda kelajak avlodlarga yetkazish bizning fuqarolik burchimiz bo‘lmog‘i lozim. Bu borada quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin:
- birinchidan, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida, jumladan oliy ta’lim tizimida o‘zbek tilshunosligini o‘qitishni qayta ko‘rib chiqish zarur, deb o‘ylayman. Bugungi avlodda ona tiliga muhabbatni uyg‘otish omillarini takomillashtirish lozim. Shunchaki, grammatik qoidalarni o‘rgatish bilan avlodlarda ona tiliga muhabbatni uyg‘otib bo‘lmaydi;
- ikkinchidan, barcha tashkilotlar, davlat muassasalarida hujjatlarni davlat tilida chiqarilishini, ko‘chalar, jamoat joylari, tashkilotlarda e’lon qilinayotgan va osib qo‘yilgan rasmlar, panolar va boshqa reklamalarni o‘zbek tilida bo‘lishini ta’minlash lozim. Va bunga amal qilmagan jismoniy va yuridik shaxslarni ma’muriy jarimaga tortish vaqti keldi, buning uchun uning qonuniy asosi bo‘lishi lozim.
Fayzulla Tolipov.
Fiskal institut “Gumanitar fanlar va chet tillari”
kafedrasi dotsenti, tarix fanlari doktori
Fiskal institutda 2024-yil 15-16-mart kunlari “Fiskal barqarorlikni taʼminlashda zamonaviy tend...
Kirish: Sun’iy intellekt (AI) hayotimizning turli jabhalarida, oddiy vazifalarni avtomatlashtiri...
“Fiskal siyosat va soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba” xalqa...