Fiskal institutga o‘qishga kirish hayotdagi eng katta maqsadlarimdan biri edi. Soliq tizimi, soliq siyosati meni yoshligimdan o‘ziga jalb qila olgan soha desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Soliq siyosatiga qiziqishim nazarimda, uyimizga soliq undirish uchun kelgan inspektorlarni kuchugimiz quvlab ketganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Nega endi o‘z uyimiz uchun davlatga yana pul to‘lashimizni tushunmas edim. O‘shanda "Bu yosh bola-ku, tushuntirib o‘tiramanmi?" demay soliq nima ekanligini erinmasdan tushuntirgan soliqchi amakidan minnatdorman. Ehtimol, o‘sha vaqtda savolim javobsiz qolganida men hozir doktorlikka o‘qib yurgan bo‘larmidim? Doktor deganimning sababi, husnixatim bilan maqtana olmayman. Maktab chog‘imda o‘qituvchilarim "Sen doktor bo‘lishing kerak" deb qo‘yishardi. Ammo taqdir meni Olaparim qurbonlariga yo‘liqtirgach, qiziqishlarim, umuman olganda, kelajagim o‘zgarib ketdi.
Soliq tizimini yanada chuqurroq o‘rganaman deb iqtisodiyot fani o‘qituvchimizni bezor qilib yuborganim esimda. O‘zim uch-to‘rt ma'lumotga ega bo‘lgach, xalqning ushbu sohaga oid bilimlarini tekshirishga qiziqar edim. Ular orasida turli so‘rovnomalar ham o‘tkazganman. O‘sha vaqtda o‘n yashar bola ekanligimni inobatga olsak, sinfdoshlarimdan "Soliq nima ekanligini bilasizmi?" deya so‘roqqa tutib, natijalarni tahlil qilganim o‘zim uchun qoyilmaqom ishdek tuyulardi.
Abituriyentlik vaqtimda men eshitgan eng quvonarli xabar - Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutning tashkil etilishi edi. Aynan soliq sohasiga ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasida o‘qishni istardim. Imtihon natijalari e'lon qilingach, men Fiskal institut talabasiga aylandim.
Shu o‘rinda institutimni biroz maqtab o‘tsam, yaltoqlanyapti deb o‘ylamaysiz degan umiddaman. Axir barcha qulayliklarga ega, zamonaviy uslubda jihozlanib ta'mirlangan/qurilgan binolarimizni e'tirof etmaslik noshukrlik bo‘lardi. O‘qitish tizimi esa alohida mavzu. Professor-o‘qituvchilarimiz yuqori salohiyatga ega bo‘lib, har qanday talaba bilan til topishib ketishlari bilan meni lol qoldirishadi. Ta'lim bilan birgalikda tarbiya ham berib borishadi. Institutda joriy etilgan forma ham meni quvontirgan jihatlardan biri. Sababi, talabalarning erkin kiyinishi ular o‘rtasida tabaqalanish yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi, nazarimda. Barcha uchun qat'iy forma belgilanishi esa qator talabalarning og‘irini yengil qilganiga o‘zim guvoh bo‘lganman.
Eh, institutim haqida gapirsam, gap ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda men Fiskal institut talabasi ekanimdan faxrlanaman. Ayni vaqtda bor kuch g‘ayratimni bilim olishga sarflab, kelajakda yoshlar qatlamiga soliq tizimini, uning o‘rni va ahamiyatini yetkazib bera oladigan tizim ishlab chiqib, amaliyotga joriy etishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman!
Abror Abdurahimov
Ushbu konferensiya to‘plamida mamlakatimizda fiskal siyosatni amalga oshirishda xalqaro tajriba va u...
Fiskal institutda 2024-yil 15-16-mart kunlari “Fiskal barqarorlikni taʼminlashda zamonaviy tend...
Kirish: Sun’iy intellekt (AI) hayotimizning turli jabhalarida, oddiy vazifalarni avtomatlashtiri...