Anvar Yaxshiev, tarix fanlari nomzodi, dotsent,
Ma’lumki, millatning milliy o‘zligini anglashida ona tilining o‘rni beqiyos. Til – bu jahon madaniyatining eng oliy yutug‘i, u insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy kamoloti tarixini aks ettiruvchi ko‘zgu bo‘lib, millat uchun ota-ona, Vatan va ona tilini tanlash huquqi berilmagan. Qo‘llanilish darajasi nihoyatda torayib qolgan o‘zbek tiliga 1989 yilda davlat tili maqomi berilib, u dunyodagi sanoqli tillar erishgan darajaga ko‘tarildi. 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilanib, mustahkamlab qo‘yildi. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi.
Ayni paytda dunyoda 7000 taga yaqin til mavjud bo‘lib, jahonda 178 mamlakat davlat tiliga va/yoki rasmiy tillarga ega ekanligi faktlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, minglab tillar orasida o‘zbek tiliga ham davlat tili maqomi nasib etganligidan g‘urur va iftixor tuymaslik mumkin emas.
YuNESKO tarafidan e’lon qilingan hisobotlarda dunyoda mavjud 7 mingga yaqin tilning qariyb yarmi yo‘qolib ketish arafasida turganidan xavotir bildiriladi. Ayni paytda unutilayotgan tillarda dunyo ahlining 4-5 foizi gaplashadi. Har uch tildan bittasining yozuvi bo‘lmay, faqat og‘zaki nutq shakliga ega ekanligi ham bor gap. Ayni paytda dunyoda tillarning o‘lib borishi jarayoni jadal tus olmoqda.
Hozir ingliz, ispan va xitoy tillari dunyo bo‘yicha eng keng tarqalgan tillar hisoblanadi. Unut bo‘lib ketayotgan tillar himoyachilari zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanish, iPhone ilovalari, YouTube videolari va Facebook sahifalaridan ana shunday tillarni asrab qolishda foydalanishni tavsiya etishmoqda. Ayni paytda YuNESKO dunyoning turli nuqtalarida yo‘qolib borayotgan tillar uchun "gapiruvchi lug‘at”larni yaratish, shu tillarda ta’limni rag‘batlantirish yo‘lida ish olib bormoqda. Shuningdek, tashkilot tomonidan ona tilida ta’limni rag‘batlantirish uchun dasturlar ishlab chiqilgan.
Hozirgi kunda dunyo tillaridan faqat 40 tasi og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakllangan hisoblanadi. Bunday tillar orasida o‘zbek tili ham borligidan faxr-iftixor qilsak arziydi. Dunyodagi lug‘at jihatdan eng boy tillar arab va ingliz tillari bo‘lib, ingliz tili hisobida 2 million 500 mingdan oshiq so‘z bo‘lsa, arab tilida uch yarim milliondan ortiq so‘z bor. O‘zbek tilida esa bir yarim million atrofida so‘z borligi aytiladi. Dunyodagi eng qashshoq til Gvineyadagi Taki qabilasining tilidir. Bu tilda bor yo‘g‘i 340 ta so‘z bor.
Olimlarning aytishlaricha, til yashab qolishi uchun unda kamida 100 ming kishi muntazam ravishda muloqot qilishi kerak ekan. Bizning mamlakatimizda esa 27 milliondan oshiq kishi o‘zbek tilini o‘z ona tili deb biladi. Ona tili hayotni bilish, o‘quvchilarda yuksak ma’naviy, axloqiy tushunchalarni shakllantirish, yosh avlodning shaxsiy sifatlarini tarbiyalash vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Ona tili mazkur tilni egasi bo‘lgan xalqning tarixi, madaniyati, urf-odati, adabiyoti hamda san’atini bilish, o‘rganish vositasi hamdir.
O‘zbekiston mustaqil davlatlar hamdo‘stligi doirasida ta’lim yetti tilda olib boriladigan yagona mamlakatdir. Ona tiliga nima uchun bu qadar e’tibor berilmoqda? Shuning uchunki, tillar insoniyat ijodining butun rang-baranglikdagi betakror ifodasidir. Aloqa, idrok va tafakkur quroli sifatida til, shuningdek, biz dunyoni qanday ko‘rishimizni tavsiflaydi, o‘tmish, bugun va kelajak o‘rtasidagi aloqani aks ettiradi.
Tillarning tirikligi esa necha ming yilliklar mobaynida to‘plangan moddiy va madaniy-ma’naviy merosning barhayotligi kafolatidir. Tillarsiz bu ulkan merosning saqlanishi va rivojlanishini tasavvur etish mumkin emas. Buni bugun bashariyat chuqur anglab yetdi. Ma’naviy-axloqiy va moddiy-madaniy qadriyatlardan iborat bebaho merosning mazkur tillar bilan birgalikda yo‘qolib ketishidek fojia bugun bashariyatni haqqoniy ravishda tashvishga solmoqda. Tabiiyki, bu xalqlarning o‘z ildizidan, etnomadaniy zaminidan uzilib qolishiga, millat sifatida ma’naviy muallaqlashuviga, milliy va baynalmilal idroki mo‘rtlashuviga olib kelishi mumkin. Buning oldini olishga kamarbasta bo‘lish esa har bir olijanob insonning kundalik vazifasiga aylanmog‘i lozim.
Albatta, bizda 136 ta millat va elatlar istiqomat qilishi, ta’limning ko‘plab tillarda olib borilishi noyob hodisa, buni qadrlash kerak. Ammo yuqorida aytilganidek, asosiy ko‘pchilikni tashkil qiluvchi millat tili – o‘zbek tili qonunan davlat tili ekanligini hamisha yodda tutmoq lozim. Sрu yurtda tug‘ilib voyaga yetgan, shu yurtning tuzini ichgan, shu yurtning fuqaroligi yalovini ko‘tarib yurgan, shu muqaddas maskanni o‘ziga Vatan deb bilgan har bir inson, u millatidan qat’i nazar, davlat tilini hurmat qilishi va unda o‘z fikrini yozma va og‘zaki tarzda erkin bayon eta olmog‘i lozim.
Hujjatlar boshdanoq davlat tilida tayyorlanib qabul qilinmog‘i va boshqa tillarga aynan davlat tilidan tarjima qilinmog‘i, o‘zgacha amaliyotga esa allaqachon chek qo‘yilmog‘i lozim. Nafaqat rasmiy hujjat almashinuvi va ish yuritish davlat tilida olib borilmog‘i, balki davlat idoralari xodimlarini, xususan, soliq tizimi xodimlarining u yoki bu guruhini qamrab olgan ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro yozishmalar va xabarlar almashinuvi ham davlat tilida olib borilishi – bu bizning ona Vatanga va Konstitutsiyaga, Konstitutsiyaviy qonunga bo‘lgan hurmatimizni anglatadi, aksincha bo‘lsa esa – bu bepisandlikdan boshqa narsa emas.
Davlat tili deganda nafaqat shunchaki o‘zbek tilini, balki rasman tan olingan o‘zbek adabiy tilini tushunmoq kerak. Sрevalarning ko‘pligi – bu tilning boyligi. Ammo sheva qanchalik jozibador bo‘lmasin, bu baribir sheva. Millatni, xalqni birlashtiruvchi, jipslashtiruvchi, hamma birday tushunadigan yagona til esa – bu o‘zbek adabiy tili. Sрunday ekan, birinchi galda davlat xizmatchilari shu narsaga befarq bo‘lmasalar davlat tilining umrboqiyligini ta’minlashga o‘z hissalarini qo‘shgan bo‘ladilar, aksincha bo‘ladigan bo‘lsa oqibatini bashorat qilish qiyin. Sрunday ekan, davlat tilini hurmat qilaylik va uning gullab-yashnashi va jozibadorligini oshirishga barchamiz kamarbasta bo‘laylik!
Fiskal institutda 2024-yil 15-16-mart kunlari “Fiskal barqarorlikni taʼminlashda zamonaviy tend...
Kirish: Sun’iy intellekt (AI) hayotimizning turli jabhalarida, oddiy vazifalarni avtomatlashtiri...
“Fiskal siyosat va soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba” xalqa...