Til – millat koʻzgusi. Uning sofligi va jozibadorligini saqlash, ichki imkoniyatlari evaziga boyitish har bir davr uchun dolzarb vazifa sifatida oʻz ahamiyatini saqlab qoladi. Negaki, milliy tilning buzilishi sekin-asta uning oʻz jozibasini yoʻqotib, tanazzulga yoʻl tutishiga sabab boʻladi, bu esa millatning oʻzligini yoʻqotishi bilan teng hodisa hisoblanadi. Tilning sofligini saqlash esa bir qarashda ahamiyatsiz boʻlib koʻringan, sirtdan va suratan mayda narsalardan boshlanadi. Keyingi paytda tilning sofligi buzilishi bilan bog‘liq ana shunday salbiy jarayonlar anchayin avj olganligiga guvoh boʻlib turibmiz.
Masalan, oʻzbek tilida “bormoq” va “ketmoq” feʼllari mavjud. Bular ikkalasi bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi harakatni anglatadi. “Bormoq” – bu individ yoki shaxsning muayyan nuqtaga tomon harakatlanishini anglatadi. “Ketmoq” esa, aksincha – individ yoki shaxsning muayyan nuqtadan uzoqlashishini anglatadi. Xuddi shu feʼllardan yasalgan “borayapman” va “kelayapman” tushunchalari soʻzlashuv tilida farqlanmasdan, hatto ziyolilar, otaxon aktyorlar ham mazkur tushunchalarni chalkashtirib yuborishmoqda. Buning sababi ana shu ikkala tushunchaning rus tilida “idu” degan yagona soʻz bilan ifodalanishiga borib taqaladi. Yaʼni keyingi paytda rus tilidan beoʻxshov namuna olish urfga aylanib bormoqda. Televideniyedagi turli badiiy sahnalarda va kundalik muloqotda kimsani birov chaqirib qolsa, “mana, hozir, ketayapman” deyish oddiy holga aylanib qoldi. Vaholanki, “ketayapman” deyish, yuqorida aytilganidek, muayyan obyektga qarab borishni emas, balki undan uzoqlashishini anglatadi, agar obyektga tomon yaqinlashish maqsad boʻlsa, unda “borayapman” desa toʻgʻri boʻladi. Afsuski, ushbu teskari holatga hamma birday koʻnikib qolmoqda, mutaxassislar ham negadir bong urishmayapti. Yosh avlod esa buni toʻppa-toʻgʻri qabul qilayapti va buning mutlaqo xato ekanligini, koʻzlangan maʼnoning aksini aytayotganligini nafaqat oʻylab ham koʻrmayapti, balki buning xato ekanligini hatto his ham qilmayapti, chunki mohiyatidan bexabar.
Bunaqa misollarni oʻnlab, yuzlab keltirish mumkin. Agar tilimizga nisbatan shunaqa beeʼtiborlikda davom etadigan boʻlsak, yaqin oʻn yillikda shunday goʻzal, jozibador va boy tilimizning ohori toʻkilib, qadri tushib, ahamiyatsiz bir “choyxona tili”ga aylanib qolishi hech gap emas. Shuning uchun millatning har bir ziyolisi, davlat xizmatchisi shunga oʻxshagan narsalarga eʼtiborsiz boʻlmasligi lozim. Til qoidasiga avvalo oʻzimiz rioya qilsak, uni buzgan safdosh va hakasblarimiz, oila aʼzolarimizga erinmasdan, yotigʻi bilan tushuntirsak, shunda ona tilimiz, buyuk siymolar xotirasi oldidagi insoniy burchimizni qisman boʻlsa-da bajargan boʻlamiz.
ANVAR Yaxshiyev, tarix fanlari nomzodi,
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Fiskal institut
Gumanitar fanlar va chet tillari kafedrasi dotsenti
Fiskal institutda 2024-yil 15-16-mart kunlari “Fiskal barqarorlikni taʼminlashda zamonaviy tend...
Kirish: Sun’iy intellekt (AI) hayotimizning turli jabhalarida, oddiy vazifalarni avtomatlashtiri...
“Fiskal siyosat va soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba” xalqa...