Fayzulla Tolipov
Fiskal institut Gumanitar fanlar va chet tillari
kafedrasi professori v.b, tar.f.d
Yangi O‘zbekistonda ulkan ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ham muhim rol o‘ynaydi. Bu borada yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinganligi muhim voqea bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya islohoti haqida 2021-yil 6-noyabr kungi nutqida birinchi marta aytib o‘tgan edi. Davlat rahbari o‘sha yili dekabr oyida, konstitutsiya bayrami arafasida xalqqa yo‘llagan tabrigida: “Konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda yetti marta emas, yetmish marta o‘ylash” zarur”ligini ta’kidlagan edi. 2022-yil may oyida konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, hujjatni yangilash jarayoni boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan Referendum natijasiga ko‘ra 1-maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga qadar 1992-yildan buyon Konstititutsiyaga bir necha marta o‘zgartishlar kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, Konstitutsiya 65 foizga yangilandi.
Konstitutsiya mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishni ko‘zlovchi huquqiy hujjatdir. Yangi Konstitutsiyada “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda hozirgi islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuv aks etishi, amaliy hayotda bosh qadriyatga aylantirish zarurligini anglatadi. Zero, “Chinakam xalq mafkurasini, millatning eng muqaddas orzu-intilishlarini faqat uning Bosh hujjati – Konstitutsiyasida to‘liq ifoda etish mumkin”.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan 2022-yilning 20-iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, dastavval hozirgi tahlikali zamonda, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilish hamda konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish zarurati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Davlat rahbari O‘zbekistonda insonning yuksak o‘rni va qadrini yuksaltirish, mamlakat uchun qanday qadriyat va manfaatlar ustuvor ahamiyatga ega ekanligini Konstitutsiyada aks ettirish – davr taqozosidir, degan edi.
Shundan kelib chiqib, barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun bo‘lishi aniq ko‘rsatib berildi. Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida inson qadrini yuksaltirish, davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shartligini belgilash taklifi bildirildi. Darhaqiqat, O‘zbekistonda islohotlar samarasi o‘laroq, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Ular xalqimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olindi.
Yangicha islohotlarning eng muhim natijalari sifatida avvalombor xalq bilan muloqot tizimining yo‘lga qo‘yilganligi, mantiqsiz “propiska” tizimining tubdan isloh qilinishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yangicha prinsipning joriy etilganligi, mansabdorlarning doimiy hisobot berib borishi, ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan talablarning belgilanganligi, majburiy mehnatga barham berilib, inson huquq va erkinliklariga bo‘lgan hurmatning yangi bosqichga ko‘tarilganligi, aholining qanchadan-qancha mushkuli osonlashgani kabi bir qator misollarni keltirish o‘rinli.
Bunday izchil islohotlarni amalga oshirishda qabul qilingan yangi Konstitutsiya muhim rol o‘ynadi. Konstitutsiya xalq tomonidan ularning takliflari asosida yangi tahrirda ishlab chiqildi. Bevosita fuqarolar takliflari asosida Konstitutsiyamiz ham mazmunan, ham shaklan mutlaqo yangilandi. 1992-yilda Konstitutsiya qabul qilinganidan buyon unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning deyarli barchasi davlat qurilishi va boshqaruviga, xususan Parlament, Prezident, Hukumat, saylov tizimi va hokazolarni nazarda tutgan bo‘lsa, ushbu yangi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning yarmidan ko‘pi inson huquqlari va uning manfaatlari bilan bog‘liq.
Shu bois, yangi xalq Konstitutsiyasi oldingi Konstitutsiyadan keskin farq qildi, u 2016-yil oxiridan to shu paytgacha davlat va jamiyatda ro‘y bergan barcha muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning umumiy mohiyatini norma shaklida qamrab oldi va O‘zbekistonning kelgusi rivojlanishi uchun sinalgan huquqiy fundament bo‘lib xizmat qiladi. O‘zgarishlarning 45 foizdan ortig‘i ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga aloqador normalarni tashkil etadi. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarni mazmuniga ko‘ra quyidagi yo‘nalishlarga bo‘lish mumkin:
Inson huquqlarni ta’minlash va uning qadrini yuksaltirish sohasidagi o‘zgarishlar;
Ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi o‘zgarishlar;
Siyosiy huquqlar sohasidagi o‘zgarishlar;
Davlat hokimiyati va boshqaruvini tashkil etishga oid o‘zgarishlar.
Masalan, inson huquqlarni ta’minlash sohasidagi o‘zgarishlarni olib ko‘raylik. Konstitutsiyada barcha o‘zgarishlar inson hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirishga qaratilgan normalar bilan boyitilgan. Ilk marotaba fuqarolar kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi, davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi, ekologiya masalalariga oid huquqlarning mustahkamlanishi kabi yangi konstitutsiyaviy huquqlar kiritildi. Shaxsiy huquq va erkinliklar, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar borasidagi normalar qariyb 3,5 baravarga ko‘paydi. Inson huquqlari va erkinliklari, oila va yoshlar masalalariga bag‘ishlangan kafolatlar kuchaytirildi.
Qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi, bu borada, Konstitutsiyada shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi belgilandi hamda odamlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq barcha harakatlarga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi mustahkamlandi. Bu orqali, odil sudlovni amalga oshirishda xalqaro huquq normalariga tayanildi. Unga muvofiq ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi berildi. Shuningdek, Konstitutsiyada o‘lim jazosi taqiqlandi. Unda insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir, deb belgilandi.
Konstitutsiyada mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi mustahkamlandi. Konstitutsiya darajasida mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi. Bundan tashqari qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi mumkin emasligi kabi qoidalar ham inson huquqlarini ta’minlashda xizmat qiladi. Qonunda belgilanganidan tashqari boshqa biror-bir majburiyatni bajarishga hech kim majbur emas, majburiy mehnat ta’qiqlandi.
Davlatning o‘z fuqarolari haqida qayg‘urishi bu birinchi navbatda fuqarolarning o‘z davlatiga nisbatan vatanparvarlik tuyg‘usi shakllanishiga hamda unga bo‘lgan ishonchini ortishiga olib keladi. Buni inobatga olgan holda O‘zbekiston fuqarosi respublika hududidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi belgilandi. Bundan tashqari insonning huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash maqsadida har bir shaxs yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan tartibda va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi, har kimning turar va yashash joyini tanlash, O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqi mustahkamlandi. Ilk bor davlat tomonidan Internet tarmog‘iga kirishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratilishi haqida konstitutsiyaviy normalar kiritildi. Shuningdek, Konstitutsiyaga Advokatura nomli alohida bob kiritildi.
Konstitutsiyaga O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlandi, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 baravarga oshdi. Ilk marotaba davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi va o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklandi. Jumladan, har kimga mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish kafolatlandi.
Konstitutsiyada oila institutiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unga muvofiq “Oila, bolalar va yoshlar” masalasi 14-bobda o‘z aksini topdi va yanada boyitildi. Bunda nikoh O‘zbekiston xalqning an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi belgilandi. Aynan bu qoidalarda nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi ularning teng huquqli ekanligi Konstitutsiyada belgilanishi oilaviy zo‘ravonliklarni hamda ajralishlarni oldini olishga qaratiladi.
Sog‘lom jamiyatni shakllantirishda ta’lim tizimi, jumladan o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni katta. Konstitutsiyaga ta’lim tizimi, o‘qituvchining maqomi va o‘rniga bag‘ishlangan alohida moddalar kiritildi. Oldingi Konstitutsiyada ushbu masala faqat 1 ta moddada aks etib, normalar soni 2 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi Konstitutsiyaning 50, 51, 52 moddalari ta’lim tizimi va o‘qituvchi maqomiga bag‘ishlandi va normalar soni 10 taga yetdi. O‘zbekistonda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi mustahkamlandi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish kabi qoidalar o‘rnatildi.
Bundan tashqari Konstitutsiyada ekologiya masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Chunki ekologiyasi buzilgan davlatda yashash hamda u yerda turizmni rivojlanishiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan keyin davlatimizda ekologiyaga alohida e’tibor berish maqsadida Konstitutsiyaga tegishli qoidalar kiritildi. Davlatga ekologiyani saqlash va tiklashda bir qancha vazifalar yuklatildi. Chunki yer hammamizniki u yerda o‘zimiz yashaymiz. Shuning uchun tabiatni birga barchamiz avaylashimiz zarur ekanligi oliy qonunda ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat hokimiyatini tashkil etishga oid o‘zgarishlarga ko‘ra yangilangan Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan. Davlat boshqaruvi sohasida kiritilayotgan o‘zgarishlar butun davlat tizimini demokratlashtirishning asosi hisoblangan hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalga oshirishga qaratilgan. Mamlakatimizda davlat hokimiyati bo‘linishi bir birini tiyib turish prinspiga asoslanadi. Shunga ko‘ra, tarmoqlar o‘rtasida bir-birini tiyish va muvozanatni saqlash tizimining samarali ishlashini ta’minlash maqsadida parlament palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilishi taklif etildi.
Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaydi, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilandi. Amaldagi Konstitutsiyada Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlariga 5 ta vakolat kiritilgan bo‘lsa, tuzatishlarga ko‘ra ularning soni 12 taga yetdi. Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib (Bosh vazir va Hukumat a’zolari hisobotlarini eshitish, Davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasi raisining hisobotini eshitish), parlament nazoratining muhim shakli bo‘lgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yildi. Senat qo‘mitalari vakolati qayta ko‘rib chiqib, senatorlar soni hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirilib, bunda har bir hududdan 4 tadan senator saylanishi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirildi. Senatning mutlaq vakolatlari amaldagi 12 tadan 18 taga ko‘paydi. Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi. Mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalga oshirish, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomi bo‘ldi. Saylov tizimi takomillashtirildi va siyosiy partiyalarning davlat va jamiyatdagi roli kuchaytirildi.
Umuman olganda, amalga oshirilgan chuqur Konstitutsyaviy islohotlar tufayli jamiyat va davlatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va oshiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Konstitutsiyada muhrlab qo‘yilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyasiga sodiq qolib, shu yo‘lda keng ko‘lamli ulkan ishlar amalga oshirildi, katta tajriba to‘rlandi. “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy qoidadan kelib shiqib, yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratdi, mamlakatimiz tarixida yangi davrni boshlab berdi.
Fiskal institutda 2024-yil 15-16-mart kunlari “Fiskal barqarorlikni taʼminlashda zamonaviy tend...
Kirish: Sun’iy intellekt (AI) hayotimizning turli jabhalarida, oddiy vazifalarni avtomatlashtiri...
“Fiskal siyosat va soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba” xalqa...