Soliq xizmati – insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori!

DSQ huzuridagi Fiskal institut bosh mutaxassisi, tarix fanlari nomzodi, dotsent

« Назад

DSQ huzuridagi Fiskal institut bosh mutaxassisi, tarix fanlari nomzodi, dotsent 22.02.2021 17:18

 

 

Анвар ака

Anvar Yaxshiev,

DSQ huzuridagi Fiskal institut bosh mutaxassisi,

tarix fanlari nomzodi, dotsent

Soliq sohasining tayanch ta’lim muassasasi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentning PQ-4879-sonli qaroriga asosan DSQ huzurida Fiskal institut tashkil etilganligi ta’lim tizimidagi islohotlarning uzviy davomi hamda yosh avlodning oliy ta’lim olishga bo’lgan o’sib borayotgan ehtiyojini qondirish yo’lidagi muhim qadamlardan biri bo’ldi, deyish mumkin. Eng muhim yangiliklardan biri shundaki, Fiskal institutda kvota degan tushuncha deyarli amal qilmaydi. Belgilangan ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklar bo’yicha bakalavr va magistrlarga bo’lgan ehtiyojni hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari kesimida tahlil qilish asosida qabul parametrlari Davlat soliq qo’mitasi tomonidan mustaqil belgilanishi ko’zda tutilgan.

Bundan tashqari, mulkchilikning barcha shakllaridagi tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlari Fiskal institut tomonidan tayyorlanadigan kadrlarga buyurtmani shakllantirishda ishtirok etishga, xususan kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun to’lovni, ular tomonidan o’qishni tugatganidan so’ng, shartnomada belgilanadigan muddat davomida tashkilot – buyurtmachida uzluksiz ishlash majburiyatini qabul qilgan holda, amalga oshirishga haqli ekanligini ham qayd etish joiz.

Fiskal institut o’zini o’zi to’liq moliyalashtiradi. Institutga qabul jarayoni umumiy tartibda amalga oshiriladi. Hujjat topshirish uchun abiturient soliq sohasida o’rta maxsus ma’lumot olgan bo’lishi kerak, degan qat’iy talab Fiskal institutga joriy etilmaydi. Faqat Prezidentning 2019 yil 6-sentabrdagi farmoniga asosan, soliq texnikumlari bitiruvchilari suhbat asosida o’qishga 2-kursdan qabul qilinadi. Umumiy tartibdagi imtiyozlar Fiskal institutda ham amal qiladi, albatta.

Undan tashqari, ushbu ta’lim muassasasida faqat davlat soliq organlari uchun emas, balki xususiy sektor, iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi tashkilotlar uchun ham kadrlar tayyorlanadi.

Institut tashkil etilishi chog’ida xorijiy mamlakatlarda soliq sohasiga mutaxassislar tayyorlash jarayoni bilan bog’liq ilg’or tajriba o’rganilib, tegishli xulosalarga kelindi. Endilikda, dars jarayonlariga Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universitetidan yetakchi mutaxassislar jalb etilishi barobarida, institut pedagog xodimlari hamkor universitetida amaliyot o’tash va malaka oshirish, o’zaro talabalar almashinuvi, ya’ni o’zbekistonlik talabalar Rossiyada, rossiyalik talabalar esa O’zbekistonda tahsil olish imkoniga ega bo’ladi.

2021-2022 o’quv yilidan soliq va soliqqa tortish, buxgalteriya hisobi va audit, raqamli iqtisodiyot yo’nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. O’z-o’zini moliyalashtirish tizimiga o’tgan OTMlarga beriladigan huquqlardan biri – ixtiyoriy ravishda yangi yo’nalishlar ochish huquqi bo’lib, keyinchalik  Fiskal institutda respublikadagi hech bir OTMda bo’lmagan moliya va tijorat huquqi yo’nalishini ochish ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, coliqqa tortish va moliyaviy nazorat sohalari uchun bakalavriat va magistratura yo’nalishlari bo’yicha kadrlar kredit-modulь tizimi asosida tayyorlanadi, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlari takomillashtiriladi. 

Bundan tashqari, o’quv jarayoni buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfert narxlarni belgilash, tavakkalchiliklarni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari (Business intelligence) va soliq ma’muriyatchiligida ilg’or axborot texnologiyalarini (Big data) qo’llash asosida tashkil etiladi.

Shuningdek, kelgusida harbiy kafedra faoliyatini yo’lga qo’yish, talabalarni ixtisoslikka tayyorlash bilan bir qatorda, ularni qiziqtirgan va hayotda asqotadigan ko’plab sohalar bo’yicha qo’shimcha o’qishlar tashkil etib, xalqaro tan olingan sertifikatlar bilan ta’minlash va hatto qulaylik yaratish maqsadida talabalar uchun maxsus haydovchilik kurslari tashkil etish ham rejalashtirilgan. Bir so’z bilan aytganda, Fiskal institut o’z bitiruvchilarini hayotning har qanday sinovlariga tayyor mutaxassislar va “40 hunarning egasi” qilib yetishtirish borasida barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyor. Yangi institutning o’z salaflaridan farqi va afzalligi ham uning hayot va amaliyot bilan uzviylikda faoliyat ko’rsatishi hamda zamon talablariga tezkor moslasha olishi bilan belgilanadi.

 


Manzil:
Toshkent shahar, Kichik halqa yo'li 3- uy

telefon: 71-230-90-07, faks: 71-230-16-50
Вернуться на верх