Yaxshiev Anvar Jo‘raqulovich, Fiskal institut
“Gumanitar fanlar va chet tillari”
kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi
MILLATNING BELGILOVCHI BOSH UNSURI
Til masalasi millat uchun eng bosh masaladir. Til millatning tashqi belgilaridan birigina emas, uning nomi, boshqa madaniyat unsurlariga o‘xshamagan o‘ziga xosligidir. Garchi, madaniyatning boshqa yo‘nalishlarida o‘zga madaniyatlar bilan qorishiqlik, uyg‘unlik bo‘lishi mumkin, til esa faqat o‘sha millatning o‘zigagina mansubdir va uning boyligiga hech kim da’vo qila olmaydi. Shuning uchun ham Abdulla Avloniy o‘z vaqtida bekorga “Tilning yo‘qolmog‘i millatning yo‘qolmog‘idir” deb eslatmagan edi.
Aslida hali mustabid tuzum hukm surib turgan kezda ijodkor ziyolilar, millat jonkuyarlari, siyosiy institutlar tashabbusi va talabi asosida o‘zbek tiliga davlat tili maqomining nisor etilishi millatning erk yo‘lidagi ilk qadami edi. Istiqlol yilllarida suveren davlatning rasmiy aloqa vositasi sifatida ona tilimiz yangicha maqom kasb etdi, yuqori darajaga erishdi. Chunonchi, tarixda birinchi marta bu tilda davlatning asosiy bosh qonuni – Konstitutsiya yozildi. Davlat madhiyasi shu tildagi matn asosida ijro etildi. Juda ko‘plab rasmiy hujjatlar, qonunlar, umumdavlat miqyosidagi ish qog‘ozlari shu tilda qog‘ozga tushirildi. Pul kupyuralarida o‘zbekcha so‘zlar paydo bo‘ldi. Milliy qomus, ko‘plab lug‘atlar nashr etildi. Bularning barchasi misli ko‘rilmagan hodisalar edi. Zotan, “So‘z mulkining sultoni” Alisher Navoiy ijod qilgan til ana shunday e’tiborga, hurmatga loyiqdir.
Ayni pallada, mustaqillik sharofati bilan tilimizning dunyodagi do‘stlari ko‘paymoqda. Bu o‘ziga xos jarangdorlik va ohangga ega bo‘lgan, boy adabiy-ilmiy xazinani jamlagan tilning muhiblari uni ishtiyoq bilan o‘rganmoqdalar, tarovatini o‘z qalblarida his etmoqdalar. Zero, ming yillar oldin Mahmud Qoshg‘ariy bobomiz “Bu tilni o‘rganing, turkiylar o‘z tilini o‘rganganlarga shafqatlidir” deb bekorga qayd etmagan.
Fiskal institutda 2024-yil 15-16-mart kunlari “Fiskal barqarorlikni taʼminlashda zamonaviy tend...
Kirish: Sun’iy intellekt (AI) hayotimizning turli jabhalarida, oddiy vazifalarni avtomatlashtiri...
“Fiskal siyosat va soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba” xalqa...